25 Yanvar 2023 yil 425

Ichki ishlar organlari tizimda professional darajadagi jismoniy, jangovar va kasbiy tayyorgarlikka ega xodimlarni ragʻbatlantirishning samarali mexanizmlari joriy etildi

Har oʻquv yili yakuni boʻyicha eng yaxshi safdor, serjant va ofitser xodimlarni aniqlash boʻyicha “Kasbiy olimpiada oʻyinlari”ni oʻtkazish hamda sovrindor xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish, “Kasb aʼlochisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish orqali nishonni “Kasbiy olimpiada oʻyinlari” respublika bosqichida birinchi oʻrinni egallagan xodimlarga berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Respublika bosqichida sovrindor boʻlgan oʻrta yoki oʻrta maxsus maʼlumotga ega safdor va serjant xodimlarni IIV Akademiyasiga sirtqi taʼlim shakliga tanlovlarsiz oʻqishga qabul qilish joriy etiladi.

Hududiy ichki ishlar organlari ehtiyojini inobatga olib, Ichki ishlar vazirligining Akademik litseylari bitiruvchilari uchun Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriatning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “Tezkor-qidiruv faoliyati” taʼlim yoʻnalishlariga, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishni nazarda tutgan holda, 200 nafargacha qoʻshimcha har yillik qabul kvotasini kiritilishi ushbu qaror bilan tasdiqlangan.

Shuningdek, 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl-patrul va patrul-post xizmati boʻlinmalari xodimlarini “Fuqarolar bilan ishlash moduli” boʻyicha uzluksiz oʻqitish amaliyotini yoʻlga qoʻyish orqali ularning sohada samarali xizmat olib borishdagi shaxsiy masʼuliyati oshiriladi.

Bunda, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida davomiyligi 144 soatdan kam boʻlmagan dastur asosida xodimlar har uch yilda bir marta oʻqitilib, maxsus sinovdan oʻtkaziladi hamda sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga kelgusida ushbu sohada xizmat qilish huquqini taʼminlaydigan sertifikat beriladi.

Nabi Egamberdiyev, IIB Kasbiy Tayyorgarlik bo`limi boshlig`i

Text to speech