13 Mart 2022 yil 2974

Firibgarlikda ayblanib, qidiruvda boʼlgan U.Chorshanbiev qoʼlga olindi

1987 yilda tugʼilgan U.Chorshanbiev 2021 yilning avgust oyida fuqaro D.R.ga oʼzini blogerligini aytib, uni aldab, ishonchiga kirib, 600 АQSh dollari evaziga uy-joy masalasi boʼyicha Fuqarolik ishlari boʼyicha Pastdargʼom tuman sudida koʼrilayotgan ishni internet ijtimoiy tarmogʼiga joylash orqali ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilib, Oʼzbekiston Respublikasi Milliy valyutasida 2.000.000 soʼm miqdoridagi pullarini olib, oʼzining ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, U.Chorshanbiev oʼzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, takroran, 2021 yil 07 sentyabr kuni fuqaro Yu.D.ni aldab, uning ishonchiga kirib, 2.000 АQSh dollari evaziga uning nohaq ishdan ketganligini internet ijtimoiy tarmogʼiga joylash orqali unga yetkazilgan moddiy zararni qoplab berishi va ishiga qayta tiklab berishligini vaʼda qilib, undan 1.000 АQSh dollari miqdoridagi pullarini olib, oʼzining ehtiyojlariga ishlatgan.

Shuningdek, U.Chorshanbiev oʼzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, takroran, 2021 yilning noyabr oyida fuqaro R.Z.ni aldab, uning ishonchiga kirib, 20.000.000 soʼm evaziga unga sobiq turmush oʼrtogʼi bilan boʼlayotgan Fuqarolik ishlari boʼyicha Samarqand shahar sudi tomonidan koʼrilayotgan ishda qatnashib, muammoni ijtimoiy tarmoqlarda koʼtarib, farzandini olib berishni, shuningdek Tergov boʼlimi tomonidan koʼrilayotgan jinoyat ishi boʼyicha unga yetkazilgan 14.000 АQSh dollari zararni qoplatib berishni vaʼda qilib, R.Z.ning 1.000.000 soʼm pullarini firibgarlik yoʼli bilan qoʼlga kiritib, oʼzining ehtiyojlariga ishlatgan.

28.12.2021 yilda U.Chorshanbievga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan “sirtdan” ayb eʼlon qilinib, unga nisbatan “sirtdan qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʼllanilib, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilinib, jinoyat ishi Oʼzbekiston Respublikasi JPKning 364-moddasi 1-qismi 2-bandiga asosan harakatdan toʼxtatilgan.

Hozirda U.Chorshanbiev Qashqadaryo viloyati hududida JQB xodimlari tomonidan ushlanib, Samarqand viloyat IIB PPX JTSBga qarashli VSXga joylashtirilgan.

Tergov harakatlari insonparvarlik, qonuniylik va odillik tamoyillari asosida olib borilishi taʼminlanadi.

Ushbu shaxsdan jabrlanganlar boʼlsa, Samarqand shahar boʼyicha IIO FMB huzuridagi tergov boʼlimiga murojaat qilishlari soʼraladi.

Samaraqand viloyati IIB Аxborot xizmati

Text to speech