24 Yanvar 2022 yil 716

Samarqand viloyati IIBda 2021-yil yakunlari sarhisob qilindi

Samarqandda 2021-yil davomida viloyat hududida jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Muhokama karantin talablariga rioya qilingan holda oʻtkazildi. Unda Boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman IIB boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

Yigʻilishni Boshqarma boshligʻi ochib berib, viloyat hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatni oshishiga sharoit yaratib bergan omillar hamda bu borada ichki ishlar boʻlimlari va sohaviy xizmatlarning faoliyatlari tanqidiy tahlil qilindi.

Hususan, Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shahar, Pastdargʻom, Urgut, Jomboy tumanlarida qotillik, badanga ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlari, yoʻl transport hodisalari oshganligi taʼkidlanib, ushbu holatlarning oldini olishda profilaktik ishlar yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi atroflicha muhokama etildi.

Shuningdek, Boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi, Patrul-post va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi, Jinoyat-qidiruv boshqarmasi boshliqlarining hisobotlari ham tinglandi.

Muhokamada ayrim rahbarlarning faoliyati tanqidiy muhokama qilindi. Xizmatda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklari uchun bir qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.

Jinoyatchilikni oldini olish, barvaqt aniqlash va ularni jilovlash borasida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchilliklarni zudlik bilan bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olindi. Shuningdek, viloyatda xodimlar tomonidan qonuniylikka rioya qilish hamda ular tomonidan sodir etilgan xizmat intizomi masalalari ham tanqidiy muhokama etildi.

Yigʻilish soʻngida xodimlariga berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarishga, fuqarolar xavfsizligi hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda tamomila yangicha tizim asosida ish tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech