24 Noyabr 2021 yil 260

Samarqandda “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

Samarqand viloyatidagi Yoshlar markazida “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Mustaqillikni mustahkamlash va davlatimiz taraqqiyotida katta avlod vakillarining o`rni beqiyos. Faxriylarni eʼzozlash ularga hurmat ehtirom ko‘rsatish ustuvor masala. Faxriylarning tajribasi va malakasi yosh xodimlar uchun ibrat maktabi. Ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib, bugungi kunda faxriylik gashtini surayotgan otaxonlarning aksariyati o‘yda o‘tirishni ep bilmasdan ustoz-shogird anʼanasiga sodiq qolgan holda soha vakillaridan o‘z maslahatlarini ayashmayapti.

Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘ining maslahatchisi general-leytenant Baxodir Axmedovich Matlyubov so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan yosh avlodni tarbiyalashda “ustoz-shogird” anʼanasiga amal qilish, ustozlarni ulug‘lash, ularni orttirgan tajribalaridan unumli foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Yurtimizda faxriylarga ko‘rsatilayotgan ehtirom, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarni eʼtirof etdi. O‘z navbatida faxriylar ham yoshlarda vatanga muhabbat, Prezidentga sadoqat tuyg‘ularini yana-da chuqurroq singdirish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” kabi qator tadbirlarda yoshlar va xodimlarning kasb mahorati va tajribasini oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotganini taʼkidladi.

Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi aʼzosi isteʼfodagi general-mayor Raim Karimov tadbirda so‘z olib, bugun mustaqil mamlakatimizda yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar, g‘amxo‘rliklardan ilhomlanib, Vatan xizmatiga kamarbasta bo‘lishga, bunda faxriylarning xizmat va hayot yo‘lida orttirgan tajriba maslahatlariga tayangan holda puxta bilim olib, har tomonlama yetuk kadrlar bo‘lib yetishishida bunday uchrashuvlarning ahamiyati nihoyatda beqiyosligini bildirdi.

Shundan keyin soʻzga chiqqan IIV faxriylar kengashining aʼzolari ham oʻz hayot va xizmat yoʻlidagi zalvorli davrlarni va muvaffaqiyatga erishgan onlarini ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazib, bugungi yosh avlod “ichki ishlar organi xodimi”- degan sharafli nomga munosib boʻlishi uchun oʻz ustida tinimsiz ishlashi, bilimlarni puxta egallashi va asosiysi xalqqa va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni oʻzining “muqaddas burchi”- deb, bilishi lozimligini aytib oʻtdilar.

IIV Akademiyasi professori polkovnik Sh.R.Qobilov esa ishtirokchilarga B.A.Matlyubov muallifligida chop etilgan “Oʻzbekistonda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash tarixi” nomli kitobning yaratilish tarixi hamda undan joy olgan fakt va fikrlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

Shundan keyin ushbu kitobning bir nechta nusxasi Samarqand viloyati IIBning bir guruh xodimlari va faxriylariga muallif tomonidan dastxat asosida sovgʻa qilindi.

Shu bilan birga, IIV Akademiyasi tomonidan, talabalar va IIV Samarqand akademik litseyining bir qator bilimdon oʻquvchilari kitoblar toʻplami hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Oʻz navbatida ishtirokchi yoshlarning ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida bildirgan fikr-mulohazalari tinglandi.

Sermazmun suhbatlarga boy boʻlgan ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ishtirokchilarning xotirasidan oʻchmas joy olishi bilan birgalikda, ularning kelgusi hayot yoʻllarini yorituvchi ziyo boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech