27 Sentyabr 2021 yil 1882

Samarqand “M-37a avtomobil halqa yoʻli”ning qatnov qismiga chiqib, yoʻlni toʻsib qoʻygan shaxslar javobgarlikka tortildi

2021-yil 26-sentyabr kuni soat 12:10 da, Samarqand tumani “Yangiariq-1” MFY, Chungul koʻchasida yashovchi 13 nafar fuqarolar, mahallalari xonadonlariga tabiiy gaz yoʻqligidan norozilik bildirib, Samarqand “M-37a avtomobil halqa yoʻli”ning 8-9 kilometrida yoʻlining qatnov qismiga chiqib, yoʻlni toʻsib qoʻygan.

Ushbu mahalla, 2015-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida tabiiy gaz tarmogʻidan uzilib, suyultirilgan gaz ballonlari bilan taʼminlanishi yoʻlga qoʻyilgan.

Norozilik bildirib chiqqan fuqarolar istiqomat qiluvchi mahallaga Samarqand tumani Gaz taʼminoti boʻlimi tomonidan ohirgi marotaba joriy yilning 29-iyul kuni suyultirilgan gaz ballonlari tarqatilgan.

Mazkur fuqarolar Samarqand tumani hokimiyati binosiga olib kelinib, tuman hokimi, viloyat va tuman IIB rahbariyati hamda mutasaddi tashkilot xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Ushbu holat yuzasidan Samarqand tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, toʻplangan hujjatlar mazmunan koʻrib chiqish uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand tumani sudiga yuborildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand tumani sudining 27-sentyabr kunidagi qarori bilan 13 nafar shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 201-moddasi (yigʻilishlar, mitinglar, koʻcha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, oʻtkazish tartibini buzish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, maʼmuriy javobgarlikka tortildilar.

Jumladan: huquqbuzarlikning ikki nafar tashkilotchilariga 5 sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan boʻlsa, 11 nafar huquqbuzarlarga nisbatan jarima jazosi tayinlandi.

Hurmatli fuqarolar!

Yodda tuting!

Har qanday qonuniy murojaat qanoatlantiriladi. Ammo jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligi, fuqarolarning huquq va manfaatlariga ziyon yetkazuvchi noqonuniy yigʻilishlar, mitinglar, koʻcha yurishlari yoki namoyishlar qonun bilan taqiqlanadi va belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech