11 Oktyabr 2021 yil 647

Samarqandda 42 kishi muddatidan oldin jazodan ozod qilindi

Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat maʼmuriy sudi raisi T.Fayziyev Pastdargʻom tumani Xalq qabulxonasida fuqarolar bilan uchrashuv va sayyor qabul oʻtkazdi.

Dastlab O.Hayitov mamlakatimiz sud-huquq tizimidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangilik va oʻzgarishlar haqida tushuncha berdi. Joylarda oʻtkazilayotgan sayyor qabullar va ularning natijalariga toʻxtaldi.

Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy masalalar yuzasidan 50 ga yaqin fuqaroning murojaati koʻrib chiqildi.

Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilingan 19 nafar fuqaro hamda axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtayotgan 23 nafar fuqaro viloyat sudi raisiga murojaat qildi. Ular qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtganligini, bundan buyon qonun-qoidalarga amal qilib hayot kechirishini bildirib jazoning oʻtalmay qolgan qismidan ozod qilishni soʻradi.

– Mamlakatda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar. Har kim qilmishiga yarasha jazosini olishi aniq, – deydi O.Hayitov. – Biroq, qilmishining oqibatini anglab yetgan, pushaymon boʻlgan, oʻziga xulosa chiqargan shaxslarga hukumatimiz yengilliklar berayapti. Bugungi sud-huquq islohotlari ham shunga qaratilgan. Bugun sayyor sud majlisi tashkil etiladi va sud har bir holatni alohida koʻrib chiqib, qonuniy xulosa qiladi. Jazosi yengillashtirilib, ozodlikka chiqarilganlar butunlay qutilib ketdi, degani emas. Bu ularga imkoniyat. Lekin bu yaxshilikni, bagʻrikenglikni suiisteʼmol qilmaslik kerak.

Shundan soʻng, sayyor sud majlisi tashkil etildi. S.Xodjimamatov jinoyat ishlari boʻyicha Pastdargʻom tuman sudining 2020-yil 10-avgustdagi hukmiga koʻra jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “g”bandi bilan aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Sayyor sudda jazoning oʻtalmay qolgan 1 yil muddatini oʻtashdan ozod etildi.

Shu tariqa barcha murojaatlar birma-bir koʻrib chiqilib, aksariyat murojaatlar ijobiy hal etildi. Oʻrganilishi vaqt talab qiladigan masalalar yuzasidan aniq muddat belgilandi.

 

Gʻolib Hasanov. UzA

Text to speech