1 Iyun 2022 yil 691

Samarqandda 65.000 AQSH dollariga yer sotmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi

Oʻzbekiston Respublikasi IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi bergan xabarga koʻra 2022-yil 31-may kuni Samarqand viloyat IIBga, fuqaro M.A ariza bilan murojaat qilib, unda issiqxona qurib tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun Pastdargʻom tumani hududidan yer olmoqchi boʻlganida, oʻzini Kadastrlar palatasi Pastdargʻom tumani filiali xodimi deb tanishtirgan D.M bilan tanishib qolganligini, D.M oʻzining tanishi B.S ning sotiladigan yer maydoni borligini aytib, u bilan uchrashtirganligini, B.S Pastdargʻom tumani “Toʻrttom” mahallasi hududida joylashgan hokimiyat zaxirasida boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan hamda vaqtincha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun oʻzi foydalanib kelayotgan 70 sotix yer maydonini oʻziga tegishli ekanligini aytib, 65.000 AQSH dollariga sotishini hamda D.M mazkur yer maydonini 3.000 AQSH dollari evaziga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishlarini aytib, kelishilgan pullardan jami 33.000 AQSH dollarini oldindan berishini talab qilayotganliklarini maʼlum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlinmasi, DXX Samarqand viloyat boshqarmasi hamda Samarqand viloyati prokuraturasi Yer resurslari talon-toroj qilinishini oldini olish boʻlimi xodimlari hamkorligida, Pastdargʻom tumani “Beklar” MFYda joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, D.M va B.Slar ariza muallifi M.A.dan talab qilingan jami 68.000 AQSH dollaridan 32.000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni oldindan boʻnak (avans) sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Holat yuzasidan Pastdargʻom tuman prokuraturasi tomonidan D.M.va B.S ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi

Text to speech