3 Aprel 2023 yil 1061

Samarqandda bankomatni oʻmarmoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi

2023-yil 31-mart kuni tungi soat 03 lar atrofida 3 nafar nomaʼlum shaxs yuzlarini tibbiy niqob bilan berkitgan holda davlat raqam belgisi boʻlmagan qora rangli “Chevrolet Tracker” rusumli avtomashinada Samarqand shahar Buyuk Ipak Yoʻli koʻchasi 65-uyning oldida oʻrnatilgan Aksionerlik tijorat “Turonbank”i Samarqand viloyat filialiga tegishli boʻlgan bankomatni oʻmarmoqchi boʻlgan.

Uchchovlon fuqarolarga plastik kartalaridagi pullarini naqd qilib berish uchun xizmat koʻrsatuvchi ushbu bankomat shahobchasiga kelib, bankomatni elektr quvvatidan uzgan va buzish yoʻli bilan bankomat ichida boʻlgan 323.290.000 soʻm naqd pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilmoqchi boʻlgan.

Ularning baxtiga qarshi shu vaqtda bankomatning tarmoqdan uzilganligi haqidagi signali ishga tushib ketgan. Natijada Samarqand shahar Qoʻriqlash boʻlimiga berilgan ogohlantiruvchi chaqiruv asosida xodimlar voqea joyiga yetib kelgan. Xizmat avtomashinasining ogohlantiruvchi tovushlarini eshitgan bu kimsalar oʻgʻirlik jinoyatini ohiriga yetkaza olmasdan, hodisa joyidan yashiringan.

Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB xodimlarining tezkor qidiruv-surishtiruv ishlari natijasida ularning uchchovi ham qoʻlga olindi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech