6 Mart 2023 yil 516

Samarqandda IIB tezkor xodimlari fuqarolarga zoʻrlik ishlatib ulardan pul talab qilgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyishdi.

22 yoshli yigit Samarqand viloyati IIBga ariza bilan murojaat qilib, Jomboy tumanida yashovchi 25-30 yoshlardagi ayol fuqarolarning ishonchiga kirib, shahvoniy uydirmalar uyushtirib, shuning bilan birga 2-3 nafar sportchi yigitlardan iborat jinoiy guruh tuzib, fuqarolarni qoʻrqitish orqali yalangʻoch holatdagi tasvirlarga tushirgan va ulardan tovlamachilik yoʻli bilan pul talab qilayotganligini bildirgan. Mazkur guruh ushbu yigitni shantaj qilib, undan yozgan “Tilxati”, haydovchilik guvohnomasi va avtomashinasi texpasportini qaytarib olishi evaziga 1500 AQSH dollari miqdorida pul soʻragan.

Arizasida 22 yoshli yigit ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Mazkur arizaga asosan Samarqand viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Tadbirda ayol hamda uning sheriklari ushbu yigitdan 1.500 AQSH dollari evaziga uning qarzdorlik “Tilxati”, haydovchilik guvohnomasi va texpasportini qaytarib berayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Ayolning jinoiy sheriklari sportning “Milliy kurash”, “Qoʻl jangi”, “Boks”, “Muay-tay” va boshqa turlari bilan shugʻullangan sportchilar boʻlib, ular bundan tashqari ham juda koʻp jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etganligi aniqlandi.

Ular bir nechta jinoiy qilmishlarni tashkil etuvchi hamda zoʻravonlikni targʻib qiluvchi holatlarni, jumladan, tuhmat qilish, oʻzgalar mulkini talon-taroj qilish, tovlamachilik, talonchilik hamda hujjatlarni egallash kabi qator jinoyatlarni sodir etgan.

Mazkur shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning bir necha moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ular endi qilgan barcha noqonuniy ishlari uchun qonun oldida javob berishadi.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech