5 Iyul 2022 yil 494

Samarqand viloyati IIB boshlig‘i mahalla raislari bilan seminar o‘tkazdi. Seminar so‘ngida ular bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, mahallalardagi muammolar tinglandi.

Huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etishda o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining ta’siri beqiyos. Qadimdan yurtimizda mahallalar ijtimoiy hamkorlik maskani sifatida sharqona demokratiyaning ko‘zgusi bo‘lib xizmat qilgan.Mahalla ahli jamoaga oid masalalarni hal etishdan tashqari, muhtojlarga yordam ko‘rsatish, to‘y va ta’ziyalarda xonadon sohiblari bilan bir 
tanu-bir jon bo‘lib uning og‘irini yengil, mushkulini oson qilishda ham ishtirok etgan.

O‘tgan yillar mobaynida mahalla mamlakatimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yanada chuqurlashtiruvchi, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovchi maskan sifatida ham shakllandi.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat Universitetida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 3-sektor rahbari Rahmat Mamatov va Samarqand shahridagi mavjud mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida mahallaning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasidagi ishlar xususida so‘z yuritildi.

-Mahalla raisi tashabbuskor, xalqning og‘iriga yelkadosh, muammo va masalasiga ko‘makdosh bo‘lishi lozim. Har bir hududning farovonligi mahalla obodligidan boshlanadi. Mahalla raisi o‘z hududini obodonlashtirishda jonbozlik ko‘rsatsa, yurtimiz obod bo‘ladi, obod yurt insonlarining kayfiyati ham ko‘tarinki, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi baland, hayotga qiziqishi ham oshadi, -deya ta’kidladi Rahmat Mamatov.

Darhaqiqat, bugun o‘zini- o‘zi boshqarish organlari raislari islohotlar jarayonida faol, aholining vatanga daxldorlik tuyg‘ulari bilan bugunidan rozi bo‘lib yashashini 
ta’minlashda ilg‘or bo‘lishi har qachongidan muhim. Qayd etildiki, mahalla tizimiga e’tibor kuchaytirildi, ularning moddiy-texnik bazasi tubdan yaxshilandi. Muammolar mahallada yechim topmoqda. Aholi muammolarini aniqlash, mushkulini oson qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Bunda mahalla 
raisi rahbarlar oldiga masalani ko‘ndalang qo‘ya olishi shart.

Muloqot davomida ishtirokchilarning “Do‘stlik”, “Quyi xo‘ja soat”, “Motrid”, “Yoshlar” MFY hududiga svetafor o‘rnatish, ichki ishlar tizimiga ishga joylashish, ro‘yxatga 
kiritish va “Ibn Sino” mahallasiga videokuzatuv qurilmasi o‘rnatish kabi savol va murojaatlari ham eshitilib ijrosi yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Umida Mamadaliyeva

Text to speech