18 Iyul 2022 yil 485

Tojikiston Respublikasi IIV delegatsiyasi Samarqandda bo‘ldi

Do‘stlik, yaqin rishtalar, hamkorlik kabi tushunchalar xalqimizning o‘ziga xos azaliy odatlardan sanaladi. Bu an’ana va qadriyatlar yaqinda Samarqand shahrida mehmon bo‘lgan Tojikiston Respublikasi IIV Militsiyani islohot qilish milliy koordinatori, militsiya polkovnigi Valixon Hamdamzoda boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrifida hamyaqqol ko‘zga tashlandi.

Joriy yilning 15 iyul kuni shahrimizda mehmon bo‘lgan Valixon Hamdamzoda boshchiligidagi delegatsiya Samarqand viloyati IIB faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Tizimdagi kuch va vositalar, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy texnika va texnologiyalar, bugungi davr talablariga to‘liq javob bera oladigan asbob-uskunalar martabali mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bu jarayonlarni kuzatar ekan mehmonlar o‘z hayratlarini yashira olmadi. Ular bir necha ming yillarga borib taqaluvchi o‘zbek-tojik xalqlari do‘stligi namunasi sifatida yanada yaqinroq o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish kabi masalalar haqida gapirib o‘tdi. Darhaqiqat Samarqand viloyati IIB, hamda boshqarmaning sohaviy xizmatlari va tarkibiy tuzilmalaridagi jarayonlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

“Ochiq osmon ostidagi muzey” deya tariflanadigan Samarqand shahri mehmonlarga chin ma’noda mo‘’jizalar mamlakatini eslatdi, desak xato bo‘lmaydi. Ko‘hna va hamisha navqiron shaharda joylashgan niliy gumbazlar va sirli koshinlar, ansambl va maqbaralar, arxeologiya va arxitektura namunalari tojikistonlik mehmonlar hayratini yanada oshirdi.

Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli, Bibixonim jome’ masjidi ajdodlarimiz aqlu tafakkuri namunasi sifatida mehmonlar ko‘z o‘ngida gavdalangan bo‘lsa, Siyob dehqon bozori olijanob xalqimizning mehnatsevarligi, mehmondo‘sligi va olijanobligini yana bir karra namoyon etdi.

Tojikiston Respublikasi IIV Militsiyani islohot qilish milliy koordinatori, militsiya polkovnigi Valixon Hamdamzoda boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Samarqand shahridan ulkan-ulkan taassurotlar bilan poytaxtimiz Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.

Text to speech