6 Mart 2023 yil 500

Oʻzini “IIB xodimiman” - deb, fuqarodan 5000 AQSH dollari talab qilgan shaxs qoʻlga olindi

Oʻzbekiston Respublikasi IIV SHXBB Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bir fuqaro oʻzini Oʻzekiston Respublikasi IIVda ishlashini aytib ichki ishlar tizimi bilan bogʻliq masalalarni hal qilib berishini aytayotgani va uning evaziga fuqarolardan pul olayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot olingan.

Olingan maʼlumotni tekshirish maqsadida tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazilgan.

Ushbu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganda u 1992-yil Pastdargʻom tumanida tugʻilganligi, muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab keyin boʻshaganligi va bugun vaqtincha ishsiz ekanligi maʼlum boʻldi.

Samarqand shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB 7-sonli IIBga murojaat qilib borgan vaqtida, oʻzini Oʻzbekiston Respublikasi IIVda ishlashini aytib, nima sababdan IIBga kelganini soʻrab bilgan. Uni qoʻrqitib ishini ijobiy hal qilib berish evaziga undan 5000 AQSH dollari talab qilgan. Fuqaro ham uddaburonlik qilib oʻrtalarida boʻlib oʻtgan suhbatni oʻziga tegishli boʻlgan telefon apparati yordamida yozib olgan va yozib olingan ovozni IIV SHXBB Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlariga topshirgan.

Shunga asosan joriy yilning 2-mart kuni IIV SHXBB Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilib, oʻzini ichki ishlar xodimi deb tanishtirgan shaxs fuqarodan 5000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech